Joriy yilning 12-mart kuni O‘zbekiston Milliy universitetiga Fransiya universitetlari vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.
Fransiya universitetlari vakillarining mamlakatimizga tashrifidan maqsad O‘zbekistonda O‘zbekiston – Fransiya universitetini tashkil etish va u bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish va istiqbolda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni belgilab olishdan iborat.
Fransiya universitetlaridan iborat delegatsiya bilan O‘zMU rektori Inom Madjidov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Yoqub Ergashev, xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Raima Shirinova, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Yoqub Ergashov hamda tegishli mas’ullar o‘zaro fikr almashishdi.
Uchrashuv avvalida rektor Inom Madjidov O‘zbekiston Milliy universiteti haqida mehmonlarga ma’lumot berib o‘tdi. Shuningdek, Fransiyadagi Puatye, Gavra hamda Renn universitetlari vakillari ham o‘z ta’lim muassasasi, undagi imkoniyatlar hamda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha fikr bildirishdi.
O‘zbekistonda ochilayotgan O‘zbekiston – Fransiya universitetini tashkil etish, shuningdek, bioinformatika hamda matematika yo‘nalishlarida malakali kadrlar tayyorlash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida kabul kilingan ta’lim standartlari, tashkil etiladigan universitetning ta’lim yunalishlari va mutaxassisliklari, o‘quv reja va o‘quv dasturlari hamda malaka talablari yuzasidan fikr almashildi.
Talabgorlarga bir yil davomida fransuz tilini o‘rgatish va yakunda sertifikat berish, keyingi o‘quv yilida mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim berish, dars jarayonlariga fransiyalik mutaxassislar bilan birga O‘zMUning fransuz tili o‘qituvchilarini ham jalb qilish, magistraturani bitirgan talabalarning Fransiyada doktoranturada o‘qishi yoki stajirovka o‘tashiga imkoniyat yaratish, Milliy universitetdan jalb qilingan o‘qituvchilarning Fransiyaga borib yozgi kurslarda tajriba almashib kelishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘zMU Axborot xizmati