O‘zMU Times Higher Education (THE) Impact Rankings xalqaro reytingida TOP-600 universitetlar qatoridan joy oldi

O‘zbekiston Milliy universiteti oxirgi besh yilda QS, THE hamda boshqa xalqaro reyting agentliklarining yo‘nalishlar kesimidagi reytinglarida ishtirok etib, kuchli TOP-1000 universitetlar  qatoridan o‘rin egallamoqda.

Bugun, 12-iyun kuni Tailandning Bangkok shahrida o‘tkazilayotgan Global Barqaror rivojlanish kongressi doirasida Times Higer Education Impact Rankings reytingi natijalari e’lon qilindi. Mazkur reyting yo‘nalishi BMTning 17 ta barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq universitet hududida olib borilgan ijtimoiy chora-tadbirlar, madaniy-ma’rifiy ishlar, BRMning o‘quv faoliyatidagi o‘rni hamda ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan o‘lchanadi.

Natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy universiteti 16 ta Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha dunyoda 601-800 o‘rinlarni qayd etdi. Quvonarlisi, universitet BRMlarning bir nechtasi bo‘yicha uch karra yuqoriga ko‘tarildi va TOP-100 universitetlar qatoridan o‘rin oldi.

Jumladan, toza suv va sanitariya bo‘yicha (BRM-6) ilk urinishdayoq 48-o‘rinni egalladi, shuningdek, ochlikka qarshi kurashish (BRM-2) bo‘yicha 2023-yilda 201-300-o‘rinlarni qayd etgan bo‘lsa, bu yil 53-o‘rinni egallab, 150 pog‘ona yuqoriladi.

O‘zMU bu yil ilk urinishdayoq yerdagi hayot maqsadi bo‘yicha (BRM-15) 54-o‘rin, arzon va toza energiya maqsadi bo‘yicha (BRM-7) 85-o‘rinni egalladi. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash (BRM-13) maqsadini amalga oshirishda 2023-yilga nibatan 200 pog‘ona ko‘tarilib 94-o‘rinni qayd etdi.

Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda global hamkorlik indikatori (BRM-17) bo‘yicha so‘nggi besh yillikdagi eng katta natijani qayd etib, ushbu reytingdan o‘rin olgan barcha xorijiy oliy ta’lim muassasalari orasida 201-300-o‘rinni egalladi.

Reyting natijalariga ko‘ra, O‘zMU 2024-yilda o‘tgan yilga nisbatan 400 o‘rin yuqorilab, BMTning barqaror rivojlanish maqsadlari yo‘nalishiga mos ilmiy maqolalar soni bo‘yicha respublika OTMlari o‘rtasida yetakchi bo‘ldi.

Ma’lumot o‘rnida, 5-iyun kuni O‘zMU tarixiy natijani qayd etib, QS World University Rankings 2025  reytingida dunyoning kuchli TOP-1000 universitetlari qatoridan joy olgan edi.

O‘zMU Axborot xizmati