O‘zMUda karyera kuni tashkil etildi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida 2022-yilning 18-mart kuni «Karyera kuni» Mehnat Yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirni o‘tkazishdan maqsad O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2022-yil 4-martda o‘tkazilgan “Oliy taʼlim muassasalari talabalari bandligini taʼminlash orqali ularning turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalarning ijrosini taʼminlash hamda universitet talabalariga darsdan bo‘sh vaqtlarida ish bilan bandligini taʼminlashga ko‘maklashishdan iborat.
Tadbirda respublika, viloyatlar, shahar va tumanlar darajasidagi 100 ga yaqin tashkilot, muassasa, korxonalar va yirik tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirok etishdi. Ular o‘zlarining bo‘sh ish o‘rinlari va tashkiloti haqida ko‘rgazmali hamda tarqatma materiallari bilan talabalarni tanishtirishdi. Bugungi tadbirda universitetning Iqtisodiyot, Matematika, Amaliy matematika va intellektual texnologiyalari hamda Fizika fakultetlaridan ishga joylashish istagidagi jami 1500 dan ortiq talaba-yoshlar ishtirok etdi. Shuningdek, mehnat yarmarkasi davomida NEOM International Skills Development Council tashkiloti bosh direktori Nasim Axmad boshchiligida universitet Iqtisodiyot, Matematika, Amaliy matematika va intellektual texnologiyalari hamda Fizika fakultetlarining 100 dan ortiq talabalari uchun master-klass o’tib berildi.
Xuddi shunday Mehnat yarmarkalari universitetda joriy yilning 29-mart, 1-aprel va 5-aprel kunlari universitetning boshqa fakultetlari ishtirokida yana o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

O’zMU Axborot xizmati