Joriy yilning 27 yanvarь kuni Mirzo Ulugʼbek nomidagi Oʼzbekiston Milliy universiteti yoshlari oʼrtasida kiyinish madaniyati, milliylik va anʼanalar targʼibotini tashkil etishga qaratilgan “Nafosat” festivali doirasida yosh dizaynerlar va soha mutaxassislari ishtirokida davra suhbati boʼlib oʼtdi.
Tadbirni Mirzo Ulugʼbek nomidagi Oʼzbekiston Milliy universiteti xotin-qizlar kengashi raisi Raʼno Rustamova, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi Malika Qadirxanova, OʼzMU Ijtimoiy fanlar fakulьteti “Fuqarolik jamiyati va huquq taʼlimi”kafedrasi falsafa fanlari doktori, professor Saidaxon Аgzamxodjaeva, “Oʼztoʼqimachiliksanoat” uyushmasi yangi dizayn ishlanmalari boʼlimi boshligʼi Kamola Gulyamova, professor-oʼqituvchilar va talaba-yoshlar faol ishtirok etdilar.
Mazkur tadbirni Mirzo Ulugʼbek nomidagi Oʼzbekiston Milliy universiteti xotin-qizlar kengashi raisi Raʼno Rustamova kirish soʼzi bilan ochib berdi. Yoshlar oʼrtasida kiyinish madaniyati targʼibotini tashkil etishga qaratilgan tadbirda yetakchi oʼzbek brendlari, kiyinish madaniyatini milliy qadriyatlarimiz asosida targʼib etish, zamonaviy diplomat ayol boʼlishda intellektual salohiyat va yuksak maʼnaviy qiyofaning muhimligi borasida taʼkidlab oʼtdi. Darhaqiqat, kiyinish madaniyati orqali har bir inson oʼz dunyoqarashi, atrofidagi insonlarga munosabatini aks ettiradi. Shu jihatdan inson egnidagi libos, avvalo, uning yoshiga, ijtimoiy maqomi va muloqot vaziyatiga mos boʼlmogʼi lozim. Qolaversa, xalqimizga xos qadriyatlarni ham namoyon etishi kerak. Аynan shu boisdan mazkur mavzu “ommaviy madaniyat” va xalqimizga yot gʼoyalar taʼsiri kuchaygan bugungi kunda alohida dolzarblik kasb etmoqda. Shuni hisobga olgan holda, davra suhbati ishtirokchilari ushbu yoʼnalishda amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlar haqida fikr almashdilar. Jumladan, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʼrganish markazi bilan hamkorlikda oʼtkaziladigan yoshlarning kiyinish madaniyati haqidagi fikr-mulohazalarini oʼrganish boʼyicha soʼrovning tashkiliy va amaliy jihatlari muhokama qilindi. Qayd etilganidek, “Nafosat” festivali doirasida oʼtkazilayotgan bu kabi tadbirlar tavsiya xususiyatiga ega boʼlib, vijdon va eʼtiqod erkinligi asosida xalqimizga mos kiyinish madaniyatini targʼib qilishdan iboratdir. Shuningdek, ulardan koʼzlangan maqsad – yoshlar orasida kiyinish madaniyatini rivojlantirish, milliy kiyimlarning zamonaviy uslubdagi andozalarini yaratish, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan ayollarning kiyinish uslubi borasida tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Tadbir doirasida Oʼzbekiston Milliy universiteti talabalari tomonidan “Oʼzbekiston yoshlari -milliy madaniyat va qadriyatlar” mavzusida taqdimot oʼtkazildi. Unda talaba -yoshlarlar oʼrtasida bugungi kunda urfda boʼlgan liboslar haqida toʼxtalib, milliy va zamonaviy dizaynlar asosida tayyorlangan klassik liboslarning afzalliklari xususida fikrlar ilgari surildi.
Shu maʼnoda, davra suhbatida ishtirok etgan dizaynerlar va soha mutaxassislari tomonidan zamonaviy oʼzbek ayoli imidji boʼyicha fikr-mulohazalar bildirildi. Ular tomonidan yigʼilganlar eʼtiboriga taqdim etilgan maʼruzalarda zamonaviy modaning mentalitetimizga mos yangiliklaridan foydalanish, ularni milliy uslubimizga moslashtirish boʼyicha takliflar berildi.
Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʼlimi