“Tuproqsifattahlil” davlat unitar korxonasi bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda

Ilm va amaliyotni uyg‘unlashtirish bugungi davr talabi. Shu bois ham “Tuproqsifattahlil” DUK xodimlari doimo o‘z amaliy ishlarini ilm bilan hamohanglikda olib borishadi. Bugun korxonaga tashrif buyurgan O‘zbekiston Milliy universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Shuhrat Toshmatov boshchiligidagi bir guruh olimlar ham aynan ilm va laboratoriya faoliyatini uyg‘unlashtirishni maqsad qilishgan.  

Dastlab prorektorning eʼtiborini laboratoriyaga keltirilgan so‘nggi rusumdagi jihozlar va ular bajarayotgan murakkab jarayonlar tortdi.

Rivojlangan davlatlardagi kabi eng so‘nggi rusumdagi asbob-uskunalar bilan jihozlangan tuproq tahlil laboratoriyasida tuproqning 100 dan ortiq, suv namunalarining 15 dan ortiq tahlil natijalarini amalga oshirilayotgani, korxonaning xalqaro aloqalar bo‘yicha munosabatlari va xodimlar malakasini oshirish borasida qilinayotgan ishlar eʼtiborga molikligi taʼkidlandi. 

Korxona direktori Odil Jaborovning shu kungacha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtiruvidan so‘ng mehmonlar barcha qulayliklarga ega bo‘lgan Mobil laboratoriyani ko‘zdan kechirishdi.

Tashrif yakunida O‘zbekiston Milliy universiteti va “Tuproqsifattahlil”DUK o‘rtasidagi munosabatlar yanada mustahkamlanishiga kelishib olindi.