Universitet tarixi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, 1918-yilda tashkil topganidan buyon mamlakatimiz va xorijiy davlatlar uchun 200 mingga yaqin malakali mutaxassislar tayyorlab bergan. Universitet o‘z faoliyati davomida nafaqat O‘zbekistonda, balki mintaqada va dunyo miqyosida yirik ilmiy markazga aylangan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining tashkil etilishida universitet yetakchi rol o‘ynagan, va 100 nafardan ortiq akademiklar, 2000 dan ziyod fan doktorlari, va 10 000 ga yaqin fan nomzodlari, dotsent va PhD darajasidagi olimlarni yetishtirgan.
   Universitet olimlari O‘zbekistonda ilmiy maktablarning shakllanishida muhim rol o‘ynagan. Jumladan, ehtimollar nazariyasi bo‘yicha T.A.Sarimsoqov, differensial tenglamalar bo‘yicha M.S.Salohiddinov, kimyo bo‘yicha O.S.Sodiqov, yadro fizikasi va kosmik nurlar sohasida S.A.Azimov, va optika-akustika sohasida P.Q.Habibullayev kabi mashhur akademiklar ilmiy maktablar yaratgan. Ushbu maktablarning davomchilari orasida Sh.A.Alimov, A.Sa’dullayev, M.M.Musaxanov, T.M.Mo‘minov, va S.Sh.Rashidova kabi olimlar bor.
  Universitet bitiruvchilari orasida mashhur shaxslar ko‘p. Nobel mukofoti laureati Yu.A.Izrael, mashhur kimyogar Z.Saidnosirova, shuningdek, taniqli adiblar Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, va Ozod Sharafiddinov kabi ijodkorlar bu dargohdan ta’lim olishgan. Universitetning xalqaro miqyosda ham nufuzi yuksalgan. Jumladan, uning bitiruvchilari orasida dunyoning ko‘plab nufuzli ilmiy va ta’lim muassasalarida rahbarlik qilayotgan shaxslar bor, jumladan, Eduard Yakubov (Xolon texnologiyalar instituti prezidenti), Ruslan Mejidov (AQSH Milliy fanlar akademiyasi a’zosi), va Andrey Abramov (London Nevrologiya instituti laboratoriya mudiri).
  Universitet o‘z ilmiy maktablari va ilmiy kashfiyotlari bilan tanilgan. 1928-yilda universitet ilmiy xodimi B.P.Grabovskiy tomonidan dunyoda birinchi marta tasvirni elektron uzatish namoyish qilingan bo‘lsa, bu kashfiyot 1971-yilda YUNESKO tomonidan e’tirof etilib, zamonaviy televideniye vatani sifatida O‘zbekiston ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek, universitetning yadro fizikasi, matematika, kimyo, biologiya va boshqa sohalarda olib borgan tadqiqotlari xalqaro miqyosda e’tirof etilgan.
  O‘zbekiston Milliy universiteti xalqaro reytinglarda ham muvaffaqiyat qozongan. 2022-yilda QS by Subject reytingida “Matematika” sohasida dunyoning kuchli 500 talik universitetlari qatoridan joy olib, O‘zbekistondagi eng yuqori o‘rinni egalladi. Shuningdek, “Fizika va astronomiya” sohasida ham yuqori natijalarga erishgan. Universitetning xalqaro hamkorligi kengayib, dunyoning 250 dan ortiq universitet va ilmiy muassasalari bilan aloqalar o‘rnatilgan.
So‘nggi yillarda universitetda bir qator yirik islohotlar amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-iyundagi qaroriga asosan, universitetda talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha yangi fakultetlar ochildi va ta’lim jarayoniga zamonaviy xalqaro standartlar joriy etildi. Xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallash uchun universitetda ilmiy-tadqiqotlar, xalqaro hamkorlik va professor-o‘qituvchilar malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.
  2021-2022-o‘quv yilidan boshlab, universitetda kredit-modul tizimi joriy etildi va o‘quv jarayonlari optimallashtirildi. Talabalar turar joylarini raqamlashtirish, onlayn ta’lim platformalarini rivojlantirish va zamonaviy o‘quv jarayonlarini boshqarish tizimlari yo‘lga qo‘yildi. Universitetda xalqaro miqyosda kadrlar tayyorlash va ilm-fan sohasida innovatsiyalarni keng joriy qilish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
  Sport sohasida ham universitet talabalari katta muvaffaqiyatlarga erishib kelmoqda. Olimpiya va Jahon chempionatlari g‘oliblari, jumladan, Ulug‘bek Rashitov, Svetlana Osipova va Azizbek Abdulhabibov universitetda ta’lim olgan.
  Umuman olganda, O‘zbekiston Milliy universiteti o‘zining boy ilmiy merosi va zamonaviy taraqqiyoti bilan O‘zbekistonning yetakchi ilmiy-ta’lim markazi bo‘lib qolmoqda. U nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro miqyosda ham o‘zining salohiyatli kadrlarini yetishtirib, ilm-fan rivojiga katta hissa qo‘shib kelmoqda.


UNIVERSITET SOLNOMASI

1918

1918-yil 16-martdagi Toshkentda Turkiston xalq universitetini tashkil etish haqidagi Maorif Xalq komissariatiga bergan buyrug‘ida faqat rus va rus tilida so‘zlovchi aholining oliy ta’limga bo‘lgan ehtiyoji qondirilishi e’tiborga olindi. 1918-yil 12-may shanba kuni Musulmon xalq dorilfununining «rasmiy kushodi» – rasmiy tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.

1919

13-aprel. Turkiston xalq universitetida tibbiyot fakultetini tashkil qilish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tuzildi. Dekabr. Turkiston hukumatining qarori bilan Turkiston xalq universiteti Turkiston Davlat universiteti maqomiga ega bo‘ldi. 24-dekabr. Rektor lavozimiga texnika fakulteti talabasi 24-yoshli F.A Solkin saylandi. Ishchi fakulteti kengaytirildi.

1920

10-aprel. 52 kun yo‘lda bo‘lgan universitetning 159-raqamli birinchi poyezdi Toshkent vokzalida kutib olindi. 20-avgust. Toshkentga Moskvadan ikkinchi universitet poyezdi keldi. 12-sentyabr. Moskvadan Toshkentga uchinchi universitet poyezdi keldi. 22-oktyabr. Tarix-filologiya va sotsial-iqtisodiyot fakultetlari tashabbusi bilan Turkiston Davlat universiteti gumanitar fakulteti qoshida sotsiologiya, tarix, filologiya Ilmiy jamiyati tashkil qilingan. (rais etib sharqshunos prof. A.E.Shmidt saylangan). Dekabr. Turkiston davlat universiteti tarkibida harbiy fakultet tashkil etildi (1922- yilning yoz oylarigacha faoliyat ko‘rsatdi). 25-dekabr. Turkiston davlat universiteti talabalarining  milliy tarkibi: ruslar – 1076, yahudiylar – 368, armanlar – 83, ukrainlar – 47, polyaklar – 34, tatarlar – 31, nemislar – 13, latishlar – 12, litviyaliklar – 7, o‘zbeklar – 7, qirg‘izlar (qozoqlar) – 5, gruzinlar – 3, qaraimlar – 3, ruminlar – 2, estonlar – 2, greklar – 3, turkmanlar – 1.

1921

Y0z oylarida: Universitet tarixida birinchi marta 12 nafar tibbiyot mutaxassisi  bitirib chiqdi. Ular orasida A.A.Asqarov va N.I.Islamov (keyinchalik professorlar) hamda Z.I.Umidova (keyinchalik akademik) bor. 1-avgust. Ishchi fakultetning birinchi 51 ta bitiruvchilaridan 18 nafari o‘zbeklar bo‘lgan.

1922

13-may. Ishchi fakultetining eski shahar bo‘limida 137 nafardan iborat mahalliy millat vakillari o‘qidi (bir ayol kishi). Dekabr. Universitetning nashriyoti tashkil qilindi.  

1923

19-iyul. Universitet “Birinchi O‘rta Osiyo davlat  universiteti” (O‘ODU) maqomiga ega bo‘ldi. Sentyabr. 1923-1924-o‘quv yilining boshida O‘ODUda 417 nafar talaba 14 millat vakillari ta’lim olgan, shu jumladan, 131 o‘zbek, 109 qirg‘iz, 35 turkman, 33 uyg‘ur.

1926

1-sentyabr. O‘ODUning  auditoriyalarida universitetning o‘zi tayyorlagan birinchi o‘qituvchi paydo bo‘ldi. U siyosiy iqtisod kafedrasi assistenti qozoq millatiga mansub Jurgenov bo‘lib, keyinchalik Qozog‘iston xalq maorifi komissari lavozimida ishladi.

1928

25-iyun. Toshkentda dunyoda birinchi bo‘lib televizion uzatish namoyish qilindi. Uning asoschilari O‘ODUning fizik-laboranti B.P.Grabovskiy, injener V.I.Popov, fizika o‘qituvchisi N.G.Piskunov bo‘lgan. Oktyabr. Mahalliy millat vakillaridan talabalar sonini oshib borishi, o‘zbek tilida mashg‘ulotlar olib borish maqsadida “Umurtqasizlar zoologiyasi” kafedrasi  birinchi o‘zbek zoologi  T.Z Zohidov shu sohaga yo‘naltirildi. Fizika-matematika fakultetining bitiruvchilari orasida birinchi o‘zbek- Toshmuhammad Qori-Niyozov bo‘lgan.

1930

1930-yil O‘ODU tarkibidan qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va iqtisod fakultetlari ajralib chiqib, ular asosida tibbiyot instiuti va O‘rta Osiyo rejalashtirish instituti tashkil etildi. O‘ODUning pedagogika fakultetining gumanitar bo‘limi asosida  Tojikiston Oliy pedagogika instituti tashkil etilgan.

1938

1-may. Ispaniyani fashizmga qarshi urush yillaridagi aloqalari uchun  O‘ODU Barselona universitetining Faxriy yorlig‘i v medali bilan taqdirlangan.

1939

14-noyabr. O‘rta Osiyo xalqinig birinchi vakili T.N Qori-Niyozov “Differensial tenglamalar” mavzusida fizika-matematika fanlari doktorlik ilmiy darajasi uchun doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

1940

Yil davomida 4 ta doktorlik dissertatsiyalari himoya qilingan.

1941

29-iyul. Universitetning  geologiya bo‘limi  Samarqand shahridagi  O‘zbekiston Davlat universitetiga o‘tkazildi. Avgust-oktyabr. Evakuatsiya qilingan professor va talabalar kelishi boshlandi. 10-noyabr. Tarix va filologiya fakultetlari birlashtirilib, tarix-filologiya  nomi bilan yuritildi. Dots. I.K.Dodonov dekan etib tayinlandi.

1942

Fevral. Tarix-filologiya  fakulteti ikkita mustaqil tarix (dekan dots. I.K.Dodonov) va filologiya (dekan dots. A.N.Krasnousov) fakultetlariga bo‘lingan. 7-fevral. Universitetda evakuatsiya qilingan Moskva aviatsiya instituti faoliyat yuritgan.

1944

1-mart.  Tayyorlov bo‘limining mahalliy millat vakillariga 100 so‘m miqdorda stipendiya ajratildi. 7-aprel. O‘zSSR Oliy Soveti Prezidiumining Farmoniga asosan universitetning bir guruh professorlariga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” faxriy unvoni berildi. Iyul. Sharq fakulteti qaytadan tashkil etildi (dekan A.X.Hamrayev)  va 108  talaba qabul qilindi.

1945

24-mart. SSSR Oliy Soveti Prezidiumi farmoni bilan Ikkinchi jahon urushidagi qahramonona xizmatlari uchun ayrim universitet bitiruvchilariga “Sovet Ittifoqi qahramoni” unvoni berildi.

1946

May. Ko‘p nusxali “Toshkent universiteti” gazetasi chiqishi qayta tiklangan.

1947

Sentyabr. 1947-yil davomida O‘ODU da 4 doktorlik va 22 nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan.

1948

Yil davomida 6 ta doktorlik dissertatsiyalari himoya qilindi.

1950

Iyun. Turkistonning janubiy-g‘arbiy qismining kartasi tuzilgan.

1952

Geologiya fakultetida petrografiya va foydali qazilmalar kafedrasi  tashkil etilgan. Geologiya fakultetida O‘rta Osiyo politexnika institutiga berilgan gidrogeologiya kafedrasi tiklangan. Sentyabr. O‘ODUning yuridik fakulteti Toshkent yuridik instituti bilan birlashtirildi.

1956

Aprel. Universitet birinchi madaniyat festivalini o‘tkazdi. Keyinchalik har yili bunday festival o‘tkazib kelingan. Bir guruh olimlar SSSR davlat mukofotiga sazovor bo‘lishgan.

1958

Aprel. O‘zFA akademigi, kimyo fanlari doktori, professor O.S.Sodiqov rektor lavozimiga tayinlandi. Uning monografiyasi SSSR xalq xo‘jaligi ko‘rgazmasining oltin medaliga sazovor bo‘lgan.

1959

Oktyabr. Fizika matematika fakulteti asosida 2 ta mustaqil mexanika-matematika va fizika fakultetlari tashkil qilindi.

1960

Noyabr. Maydoni 40 gektarga ega bo‘lgan Botanika bog‘i tashkil qilindi. 140 nafar mahalliy millatdan tashkil topgan ayollar O‘ODU diplomini olishga sazovor bo‘lishdi.

1961

Yanvar. O‘rta Osiyo davlat universiteti Toshkent davlat universiteti nomi bilan faoliyat ko‘rsata boshlagan.

1962

Fevral. Avstraliya talabalarining milliy ittifoq delegatsiyalari tashrif buyurgan. May. ToshDU qoshida xorijiy talabalar uchun tayyorlov fakulteti tashkil qilindi.

1964

Mart. Roman-german filologiyasi bo‘limi bazasida ingliz va nemis filologiyasi kafedrasidan iborat Roman-german filologiyasi fakulteti tashkil etilgan.  

1965

Mart. SSSR Oliy Soveti Prezidiumining 1965-yil 1-martdagi farmoni bilan O‘zSSR xalq xo‘jaligining rivojlanishidagi yutuqlari uchun ToshDU rektori O.S.Sodiqov, prof. T.A.Sarimsoqov, prof. M.Arifxanova “Hurmat belgisi” ordeni bilan mukofotlangan.

1966

Aprel. Toshkent zilzilasi oqibatlarini bartaraf etishda 4000 dan ziyod ToshDU talabalari ishtirok etdi.

1967

Universitetda 32 nomzodlik va 6 doktorlik dissertatsiyalari himoya qilingan.

1968

Mart. Ximiya fakulteti dekani prof.Sh.T.Tolipov Vetnam xalqiga yordam ko‘rsatgan xizmatlari uchun Vetnamning “Do‘stlik” medali bilan taqdirlangan.

1969

Sentyabr. Professor-o‘qituvchilarning soni 1188 taga yetgan, ulardan 62 tasi professor va fan doktori,  394 tasi dotsent va fan nomzodi bo‘lgan.  

1970

Sentyabr. Ta’lim va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashdagi katta xizmati uchun SSSR Oliy Soveti Prezidiumining 1970-yil 4-sentyabrdagi farmoniga asosan ToshDU “Mehnat Qizil bayrog‘i” ordeni bilan mukofotlangan. Oktyabr. Universitet yangi binosini tantanali ochilishi bo‘lgan.

1972

29-fevral. ToshDUda o‘quv jarayonini ilmiy tashkil etish kafedra va laboratoriyasi tashkil etilgan. Mart. Rektor prof.T.A.Sarimsoqov va Sharqshunoslik fakulteti dekani prof.Sh.M.Shomuhamedov Misrning Aynsham universiteti o‘rtasida ilmiy va madaniy hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.

1973

Mart. SSSR OO‘MTV buyrug‘iga asosan ToshDU mamlakatning 28 yetakchi oliy o‘quv yurtlari tarkibiga kirgan.

1974

17-dekabr. Prof. A.A. Beruniy nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. Prof. Sh.I.Shomuhammedovga Firdavsiy nomidagi Xalqaro mukofot berilgan.

1975

Avgust-sentyabr. Universitetda Ehtimollar nazariyasi bo‘yicha III sovet-yapon simpoziumi o‘tkazilgan.

1976

1976-yil ToshDU o‘qituvchi va xodimlari tomonidan 23 nomzodlik va 2 doktorlik dissertatsiyasi himoya qilingan.

1977

Sentyabr. ToshDUda “Universitetning do‘stlik haftaligi” II festivali tashkil qilinib, mamlakatning 28 universitetidan delegatlar qatnashdilar (shu jumladan Germaniya demokratik respublikasi, Polsha xalq respublikasi, Chexoslavakiya sovet sotsialistik respublikasidan). Oktyabr. Frunze shahrida o‘tkazilgan XVII universiadada ToshDU sportchilari sportning beshta turi bo‘yicha umumkomanda hisobida birinchi o‘rinni egallashgan: voleybol (ayollar komandasi), basketbol (erkaklar komandasi), gimnatistika va klassik kurash. Sofiyada o‘tkazilgan jahon universiadasida yuridik fakultetining talabasi qilichbozlik bo‘yicha SSSR terma komandasi a’zosi S.Ro‘ziyev 2 ta oltin medalga sazovor bo‘lgan. 1977-yil 30 nomzodlik va 3 doktorlik dissertatsiyalari himoya qilingan.

1978

20-noyabr. Rossiya, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston respublikalarining XIV universiadasi o‘tkazilgan. 33 nomzodlik va 5 doktorlik dissertatsiyalari himoya qilingan.

1979

Oktyabr. Fizika fakultetining olimlari Moskva Davlat universitetining Yadrofizika instituti bilan hamkorlikda yerga yaqin fazodagi elektronlarning spektrlarini o‘lchaydigan qurilma yaratilgan. Bu qurilma sputniklardan biriga o‘rnatilgan.

1980

O‘zSSR Oliy Soveti Prezidiumi yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash va tarbiyalash, respublikada ilm va madaniyatni rivojlanishidagi katta xizmatlari uchun bir guruh professor-o‘qituvchilarni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi faxriy unvoni bilan taqdirlaganlar.

1982

29-sentyabr 6-oktyabr. ToshDU bazasida ittifoq FA kengashi bilan hamkorlikda organik elementlar kimyosi bo‘yicha IV butunittifoq konferensiyasi o‘tkazildi.

1983

17-sentyabr. Universitetning tantanali majlisida ToshDU va Nikaragua universiteti o‘rtasida o‘zaro foydali aloqalarini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutuvchi shartnoma imzolangan. 21-23-dekabr. Universitetning yosh matematiklari Sh.A.Ayupov va boshqalar Yoshlar ittifoqining mukofotiga sazovor bo‘lishgan. ToshDU va Dehli universiteti o‘rtasida ilmiy-metodik hamkorlik qilish rejasi imzolangan.

1984

1984-yili 50 nomzodlik va 4 doktorlik dissertatsiyalari himoya qilingan.

1985

14-sentyabr. ToshDUda tuproqshunoslarning syezdi o‘tkazildi.

1986

1986-yil 9-aprel. ToshDUga Patris Lumumba nomidagi Xalqlar do‘stligi universiteti delegatsiyasi tashrif buyurgan. Iyul. ToshDUda Budapesht universiteti, Sofiya universiteti, Drezden universiteti bilan o‘zaro talabalar almashuvi yo‘lga qo‘yilgan.  22-sentyabr.  ToshDUda Bernulli matematik jamiyatining I Xalqaro konferensiyasi o‘tkazilgan. 27-oktyabr. ToshDU mexaniklarining VI Butunittifoq syezdi o‘tkazilgan.

1987

2-yanvar. ToshDU Makedoniyaning Kirill va Mefodiy universiteti bilan o‘zaro hamkorlik shartnomasi tuzilgan. Dekabr. Fizika fakultetining Yadro fizika kafedrasida ishlab chiqilgan Sputnik yordamida kosmik nurlarni o‘rganishga mo‘ljallangan “Elektron – 5D” qurilmasi ittifoq xalq xo‘jaligi ko‘rgazmasining kumush medali bilan taqdirlagan

1988

11-13-may. ToshDUda “Sudesit” Butunittifoq olimpiadasining respublika bosqichi  o‘tkazilgan. 11-17-may. Matematika fakultetining matematika-fizika kafedrasi bazasida “Amaliy matematika va matematik fizikada funksional metodlar” mavzusida yosh olimlarning Butunittifoq maktabi o‘tkazilgan.

1989

Mart. ToshDU talabalarining kosmonavtlar Malishev hamda Germaniya Federativ Respublikasining astronavti Messershmid bilan uchrashuvi bo‘lgan.

1992

Filologiya fanlari doktori, prof.  Salomov G‘aybulla Tojiddinovich O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi unvoniga sazovor bo‘ldi.

1993

ToshDU qoshidagi S.X.Sirojiddinov nomidagi maktab-internat litsey- internatga aylantirildi. Fizika-matematika, kimyo-biologiya, tarix-iqtisod fanlarini chuqur o‘zlashtirishga yo‘naltirildi.

1994

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining      “Iqtidorli yoshlar bilan ishlash haqida Nizom”  asosida iqtidorli talabalar uchun “ToshDU stipendiyasi”  tashkil qilindi.

1995

14-sentyabr. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining   Qaroriga asosan Toshkent davlat universitetiga Mirzo Ulug‘bek (Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek) nomi berilgan.

1997

O‘zbekiston Respublikasi OO‘MTV buyrug‘iga asosan ToshDU tabiiy va ijtimoiy  gumanitar sohalar bo‘yicha  O‘zbekiston Respublikasining  tayanch oliy o‘quv yurti etib belgilandi.

2000

28-yanvar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A Karimovning Farmoni bilan  Toshkent Davlat universitetiga  O‘zbekiston Milliy universiteti  maqomi berildi.

2001

O‘zbek filologiyasi fakultetida San’atshunoslik ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha san’atshunos-tadqiqotchi, san’atshunos-pedagog, san’atshunos-jurnalist, xalqaro madaniy aloqalar ixtisosliklari bo‘yicha  kadrlar  tayyorlaydigan maxsus bo‘lim tashkil qilindi.

2003

Genetika kafedrasi professori, akademik Musayev Jo‘ra Azimboyevich «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlandi.

2005

Dolimov To‘rabek No‘monovich “Do‘stlik” ordeni bilan, Karimov Anvar “Mehnat shuhrati” ordeni bilan, Sh. Rahmatullayev “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi bo‘ldi.

2006

26-avgust. Tarix fakulteti fakultetlararo O‘zbekiston tarixi  kafedrasi  qoshida  respublikada ilk bor “Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik” milliy markazi tashkil etildi.

2008

9-aprel.  Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining 90 yilligini nishonlash to‘g‘risnda Qaror qabul qilinib, shu yili sentyabr oyida keng nishonlandi. 25-avgust. M.M. Rahimov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Prof. Suleymonov Rustam Hamidovich “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” unvoniga sazovor bo‘ldi.

2013

2013-2017-yillarda Erasmus Mundus Timur loyihasi (koordinator dots. T.Abdurahmanov) faoliyat olib bordi.

2018

Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili) ta’lim yo‘nalishi qayta tiklandi. Xalqaro Erasmus+ dasturining DSinGIS: geoinformatika sohasida doktorantura loyihasi doirasida 11.00.07-“Geoinformatika” ixtisosligi bo‘yicha doktorantura ochildi.

2019

2019-yil 24-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy universitetiga tashrif buyurdi. 2019-yil 8-oktyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Mazkur konsepsiyada O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarining flagmaniga aylantirish eng ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Prof.  Hamidulla Boltaboyev Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasining “Yil olimi” mukofoti bilan taqdirlandi.

2020

Sentyabr. Universitetda 2020-2021-o‘quv yilidan barcha ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitishning kredit-modul tizimi Yevropa tajribasi (European Credit Transfer and Accumulation System — ECTS) asosida joriy etildi. Dekabr. UI GreenMetric World University Ranking yashil universitetlarning global reytingida ishtirok etib, 85 ta davlat orasidan O‘zbekistondan qatnashgan ilk universitet sifatida 774 universitetlar orasidan 374 o‘rinni egalladi va ushbu xalqaro reyting natijalari bo‘yicha kuchli 500 talik universitetlar ro‘yxatiga kiritildi. 2020 yil Times Higher Education (THE) Impact Ranking xalqaro reytingda 6 ta ko‘rsatkich bo‘yicha ishtirok etib 601+ o‘rinni egalladi

2021

O‘zbekiston Milliy universiteti 2021-yil QS World University Rankings xalqaro reyting agentligi tomonidan Rivojlanayotgan Yevropa va O‘rta Osiyo davlatlari reytingida 254 +o‘rinni egalladi. 2021-yil may oyida WURI Ranking ya’ni Dunyo universitetlarining “Eng yaxshi innovatsion loyihalar” reytingini aniqlash agentligi tomonidan e’lon qilingan reytingda ilk bora ishtirok etib dunyoning kuchli 300 talik universitetlar qatoridan 101+200 o‘rinni egallab universitet ilmiy tadqiqotlar olib borishda innovatsion loyihalarda dunyo reytingida o‘z ko‘rsatkichlarini ko‘rsatdi. 2021-yil 15-iyunda Round University Ranking xalqaro reyting agentligining natijalariga ko‘ra Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy Universiteti ushbu reytingda 2 ta yo‘nalish bo‘yicha ishtirok etib, World University Ranking da 742 o‘rin, Natural Science ya’ni tabiiy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha esa 642 o‘rinni egalladi;

2022

2022-yilda universitet QS by Subject Rankings da “Matematika”  sohasida erishgan natijalariga ko‘ra dunyoning kuchli 500 talik universitetlar qatoridan  451-500 o‘rinni egallab, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari ichida birinchi va yagona universitet bo‘ldi. 2022-yilda QS (Quacquarelli Symonds) Worls University Asia Rankings reytingida 351-400 natijasini ko‘rsatib Osiyoning eng kuchli TOP-500 universitetlari qatoridan o‘rin egalladi.

2023

Quacquarelli Symonds xalqaro reyting agentligi tomonidan o‘tkazilgan “QS  World University by Subject Rankings 2023” natijalarga ko‘ra, universitet 3 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha eng kuchli universitetlar qatoridan joy oldi. “Matematika” yo‘nalishidagi xalqaro natijalar 100 pog‘ona yuqoriga ko‘tarilib 351-400 o‘rin, “Fizika va astronomiya” yo‘nalishida 501-550 o‘rinni egalladi va “Zamonaviy tillar” yo‘nalishida dunyoning kuchli 151-200 universitetlari qatoridan joy oldi. O‘zMU Ilmiy kengashining qarori asosida O‘zbek filologiyasi fakulteti tashkil etildi.