Xalqaro atom energiyasi agentligi bo‘limi boshlig‘i Fizika fakultetida bo’ldi

O‘zbekiston Milliy universiteti Fizika fakultetiga Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA)ning Yadro ma’lumotlari bo‘limi boshlig‘i Dr. Naohiko Otsuka tashrif buyurdi. 

Mehmon Fizika fakulteti dekani G’ofur Eshonqulov bilan yadro fizikasi va yadro fizikasiga oid sohalarni o‘qitish va ilmiy-tadqiqot sifatini oshirishda XAEA ko‘magining muhimligi va o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi. 

Dr. Otsuka mamlakatimizda yadro fizikasiga e’tibor tufayli yoshlarning sohaga qiziqish balandligini e’tirof etdi. Bundan tashqari, Fizika fakultetida yadro fizikasida olib borilayotgan tadqiqotlar natijalari XAEA Yadro ma’lumotlar bazasini boyitish uchun muhimligini qayd etdi. 

Shuningdek, Yadro fizikasi kafedrasi mudiri, professor S.Polvonovning ilmiy natijalari XAEA Yadro ma’lumotlar bazasiga kiritilishi orqali dunyo hamjamiyati O‘zbekiston Milliy universitetining soha rivojidagi hissasidan xabardor bo‘lgani va undan fundamental va amaliy tadqiqotlarda foydalanilayotganini ta’kidladi. 

Dr. Otsuka O‘zMU Tezlatkichlar laboratoriyasiga tashrif buyurib, u yerda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlar va EG-2 SOKOL tezlatkichi bilan tanishdi. Quyi energiyalar fizikasida olingan natijalarning materialshunoslik va astrofizik ahamiyatini e’tirof etdi.

O’zMU Axborot xizmati