O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik istiqbollari

Ma’lumki, O‘zbekiston Milliy universiteti uzoq yillardan buyon Turkiya Respublikasi oliy taʼlim muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Shu kunlarda Turkiya Respublikasi Oliy taʼlim kengashi raisi Erol O‘zvar (Erol Özvar) boshchiligida kengash aʼzolari va nufuzli oliy taʼlim muassasalari rektorlaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonda bo‘lib turibdi. Delegatsiya bilan ilk uchrashuv Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetida “O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik istiqbollari” mavzuida ikki mamlakatning nufuzli oliy taʼlim muassasalari rahbarlari hamda taniqli va yuqori ilmiy salohiyatga ega akademik va professor-o‘qituvchilar ishtirokida davra suhbati bilan boshlandi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov kirish so‘zi bilan ochib berdi:
– Maʼlumki, O‘zbekistonda oliy taʼlim sohasida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu nuqtai nazardan bugungi uchrashuvimizning aynan shunday pallada bo‘lib o‘tishi bejiz emas. Chunki O‘zbekiston tomoni respublikada oliy taʼlimni yanada rivojlantirish maqsadida turli xorijiy hamkorlar bilan yaqindan ish olib bormoqda va shular qatorida Turkiya alohida o‘rin tutadi. Oliy taʼlim sohasida ikki tomonlama o‘zaro hamkorligimiz haqida so‘z yuritar ekanman, shu paytgacha u juda muvaffaqiyatli bo‘lganini va bundan keyin ham ishonchim komilki, ushbu hamkorlik har tomonlama kengayib borishini mamnuniyat bilan taʼkidlamoqchiman.
Sohadagi hamkorligimiz davomli bo‘lishi, albatta, mushtaraklik mahsulidir. O‘ylaymanki, O‘zbekiston va Turkiya oliy taʼlim vakillari sifatida, bizning keyingi maqsadimiz – birgalikda erishgan natijalarimizning davomli va yanada sermahsul bo‘lishini taʼminlash bo‘lishi lozim.
Pandemiya bilan bog‘liq noqulayliklarga qaramay, turkiyalik hamkasblarimiz bugungi uchrashuvimizni tashkil etish uchun tashabbus ko‘rsatdilar va hamkorligimizni yaqindan muhokama qilish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdilar. Buning uchun men o‘z nomimdan va davramizda ishtirok etayotgan O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalari nomidan Turkiya Oliy taʼlim kengashiga va shaxsan rais Erol O‘zvar janoblariga yana bir bor o‘z minnatdorchiligimni izhor etaman.
Shuningdek, davra suhbatida Turkiya Oliy taʼlim kengashi raisi Erol O‘zvar va Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Olgan Bekar o‘z nutqlari bilan ishtirok etishdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov Turkiya Respublikasi universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish uchun quyidagi bir qator takliflarni ilgari surdi:

  • Ankara universiteti mutaxassislari bilan turkolog olimlarimiz yaqin hamkorlik olib borishlarini inobatga olib, turkologiya sohasida qo‘shma raqamli uslubiy-ijodiy laboratoriya (yoki virtual muloqot platformasi orqali) faoliyatni yo’lga qo‘yib, yilning oxirigacha ikkita universitetning uslubiy-ijodiy, ilmiy to‘plamini chop etish (keyinchalik buni har yili muntazam amalga oshirib borish);
  • Istanbul va O‘zbekiston Milliy universitetining yosh olimlari ijodiy konferensiyasini (seminar) tashkil etish;
  • Turk universitetlari bilan talabalar yozgi maktabini hamkorlikda tashkil etish;
  • Turk Nobel mukofoti sovrindorlari bilan ijodiy-ilmiy uchrashuvlarni O‘zbekistonning boshqa universitetlari bilan hamkorlikda O‘zbekiston Milliy universitetida o‘tkazish;
  • Tarix, arxeologiya, tabiiy matematika yo’nalishlari o‘qituvchi va talabalarning akademik almashinuvini rivojlantirish.

O‘zMU Axborot xizmati