Bugun, 14-mart kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zR FA Matematika instituti hamda O‘zbekiston Matematika jamiyati hamkorligida “14-mart – Xalqaro matematika kuni” munosabati bilan “Zamonaviy matematikaning dolzarb muammolari va tadbiqlari” mavzusida yosh olimlar ilmiy konferensiyasi o‘tkazildi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi faol yosh olimlarning ilmiy izlanishlarini rivojlantirish, yosh tadqiqotchilar olgan ilmiy natijalarini muhokama qilish va ularning mahoratlarini oshirishdan iborat bo‘ldi. Konferensiyada akademiklar Sh.A.Ayupov, Sh.Q.Farmonov, professorlar M.M.Aripov, A.Artikbayev, kafedra mudirlari va professor-o’qituvchilar hamda 100 dan ziyod yosh olimlar, magistrantlar ishtirok etdi.
Konferensiya ochilishida so‘z olgan O‘zMUning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Yo.S.Ergashev, ilmiy izlanuvchilarga, konferensiya ishtirokchilariga omad tilab, konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Yaqindagina Turkmaniston Respublikasida o‘tkazilgan Xalqaro olimpiada (OMOUS-2024)da yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan Matematika fakulteti 3-kurs talabalari N.Nabixonov, F.Keldiyorov va X.To‘yliyevlar universitet rektorining faxriy yorlig‘larini bilan taqdirlandi.
Konferensiya ishida akademik Sh.Ayupov ma’ruzasi, bu kun qanday qilib Xalqaro matematika kuni bo‘lgani va π kuni deb ham atalishi to‘g‘risidagi qiziqarli ma’lumotlari yosh olimlar hamda talaba yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ilmiy konferensiyaning plenar yig‘ilishidan so‘ng uning asosiy ishi 5 ta sho‘balar yig‘ilishida davom ettirildi, talabalar va yosh tadqiqotchilar tomonidan 100 dan ziyod chiqishlar qilindi.
O‘zMU Axborot xizmati