Yangi O’zbekistonda gender tenglik masalalari va muammolari

O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarning huquq-manfaatlarini ta’minlash yuzasidan qator sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Harakatlar strategiyasi doirasida har yili qabul qilinayotgan Davlat dasturlarida ayollar huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish, ayollarni himoya qilishning institutsional asoslarini mustahkamlash hamda aholining gender tenglik to‘g‘risidagi xabardorligini oshirishga qaratilgan ustuvor chora-tadbirlar belgilanib, izchil amalga oshirib kelinmoqda.
O’zbekiston Milliy universitetida universitet Xotin-qizlar Kengashi, Iqtisodiyot fakulteti hamda O’zLiDeP Toshkent shahar Kengashi Ayollarning siyosiy faolligi, jamiyatdagi o’rni va mavqeini oshirish bo’limi bilan hamkorlikda mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasida olib borilayotgan ishlarga bagʻishlangan “Yangi O’zbekistonda gender tenglik masalalari va muammolari” mavzuida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o’tkazildi. Tadbirda O’zLiDeP Toshkent shahar Kengashi raisining ayollar masalalari bo’yicha o’rinbosari Shahnoza Alimova, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Nigora Qutlimuratova va Gulshana Xudoyorova, universitet Xotin-qizlar Kengashi raisi Ra’noxon Rustamova, Iqtisodiyot fakulteti professor-o’qituvchilari va talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tadbirni O`zLiDeP Toshkent shahar Kengashi raisining ayollar masalalari bo’yicha o’rinbosari Shahnoza Alimova ochib berdi.
Taʼkidlanganidek, bugungi kunda yangilanayotgan Oʻzbekiston islohotlari inson manfaatlari ustunligini taʼminlash barobarida jamiyatda xotin-qizlar mavqeini oshirish, ularning huquq hamda imkoniyatlarini ustuvor qadriyatlardan biri sifatida himoya qilishga qaratilgan. Bunda, ayniqsa, ayollarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida roʻyobga chiqarilmoqda.
Tadbir davomida Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Nigora Qutlimuratovaning “Gender tenglikni ta’minlash bo’yicha qonunni mazmun mohiyati”, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Gulshana Xudoyorovaning “Globallashuv jarayonida oila institutida vujudga kelayotgan ziddiyatlar, xalqaro tajriba”, universitet Iqtisodiyot fakulteti dotsenti Shoira Saidjabborning “O’zbekistonda tadbirkorlikning gender xususiyatlari: barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda samarali bandlikni ta’minlash omili sifatida” mavzularda ma’ruzalari tinglandi.
Qizg‘in baxs-munozaralar tarzida kechgan tadbir jarayonida xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish borasida bir qator takliflar va mulohazalar bildirildi. Shuningdek, talaba-yoshlar o’zlarini qiziqtirgan savollariga tegishli mutaxassislar tomonidan javob oldilar.

O’zMU Axborot xizmati