Bugungi axborot texnologiyalari rivojlangan, ilm-fan taraqqiy etayotgan bir davrda yoshlar ongiga o‘z g‘oyasini singdirishga intilayotgan kuchlar ham bor. Bu jarayonda ma’naviyatimizga zid bo‘lgan, yoshlarning ongi va hayotini zaharlashga intilayotgan guruhlarga qarshi mafkuraviy immunitet hosil qilishimiz darkor.
O`zbekiston Milliy universiteti Kimyo fakulteti tyutorlari tashabbusi bilan “Yoshlar o`rtasida yod g`oyalar, ommaviy madaniyatning tarqalishi va jinoyatchilikka qarshi kurashishda davlat organlarining o`rni” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o`tkazildi. Tadbirda fakultet dekani Sh.Kadirova, Toshkent Xalqaro Islom akademiyasi malaka oshirish markazi o’qituvchisi M.M.Abdupattayev, O’zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligi huzuridagi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo’yicha o’rinbosari podpolkovnik Sh.S.Saidov, o’rinbosar yordamchisi B.I.Meliboyev, fakultet yoshlar bilan ishlash bo’yicha dekan o’rinbosari G’.Abdurahmonov hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tadbirni fakultet dekani Sh.Kadirova ochib berib, tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad, talaba-yoshlarni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirishga harakat qilayotgan turli buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi immunitetni shakllantirish, zarur vaqtda ana shunday kuchlarga qarshi ma’rifat ilmi bilan kurashish lozimligini ta’kidlab o`tdi.
Shundan so‘ng podpolkovnik Sh.S.Saidov so‘zga chiqib, talaba-yoshlarga murojaat qilar ekan, shiddat bilan o‘zgarib borayotgan tahlikali davrda yashayotganligimizni, bir tomondan, uyushgan jinoyatchilik, giyohvandlik, odam savdosi kabi tahdidlar bo‘lsa, ikkinchi tomondan g‘oyaviy tahdidlar – axborot xuruji, diniy ekstremizm va missionerlik harakatlari tinchlik va osoyishtalikka o‘z ta’sirini o‘tkazayotganligini, din niqobidagi siyosiy ekstremizm – allaqachon milliy, etnik, diniy va hududiy xususiyatini yo‘qotib, xalqaro muammoga aylanganligini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, chinakam xavfsiz jamiyat haqida va bugungi kun yoshlarining vatanimiz kelajagi uchun yaxshi xulqli, bilimli, o`z kasbining mohir ustasi bo`lib yetishishi lozimligi, shu bilan birga doimo ogoh bo`lmoq kerakligini ta’kidlab o‘tdi.
Tadbir davomida M.Abdupattayev buyuk ajdodlarimiz Imom Al-Buxoriy, Najmiddin Kubro, Az-Zamaxshariy, Al-Moturidiy va Alixonto`ra Sog`uniy boblarimiz va ularning asarlari hamda ta’lim-tarbiyada qanchalik ahamiyati beqiyos ekanliklari haqida gapirib o`tdi. Tadbir yakunida talaba-yoshlar o`zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.
O`zMU Axborot xizmati